U ham gunohkor

Yuragimga yaqinim, bormisan? Omonmisan? Yagonam, bilasanmi, har tong umid bilan uyg'onaman. Seni ko'rgim, ovozingni eshitgim, bir bora yoningda bo'lgim keladi. Netay, qismatimiz boshqa ekan.

Seni shu qadar sog'indimki, sog'inchim oldida g'urur ham bosh egadi. Seni shu qadar sevamanki, hatto yer bilan bitta bo'lsam ham, bu sevgimdan voz kecholmayman. Nima qilay qaysar ko'nglim sendan o'zgani sevmasa? Yagonam, qaniydi, maktab yillariga bir bora qaytsam edi. Seni hech kimga bermay qo'llaringdan mahkam tutardim.

Yuragimga yaqinim, do'st bo'lib qolganimiz uchun sendan judayam xursandman va qancha rahmat aytsam ham kam. Meni taqdirdan bunchalar nolidi, deb o'ylama, nolimayman, aksincha, Allohga shukr qilaman. Sen bilan birga bo'lmasam-da, sevdim, sevildim.

Azizam, menga "Unuting", dema. Tuyg'ularimni oshkor qilmasam-da, seni jimgina sevaveraman. Negaki, unutish qo'limdan kelganida, sevgining kuchi, qadri qolmagan bo'lardi...

Gar sevish gunoh bo'lsa,
Menda bitta gunoh bor.
Shu gunohdan xabardor
Yana bitta guvoh bor.
O'zgaga aytmas sirim,
Chunki u ham gunohkor...

Muxlis
Manba: www.hazon.uz


Fikr bildiring

Mehmon sifatida yozish

0
Sharhlar tekshirilib, so'ng taqdim etiladi.
qoidalar .

Suhbatdoshlar